Registon ansambli


«Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali o‘tadigan qadimiy Registon maydoni, bu yerdagi betakror va jozibali madrasalar, minoralar tarixi ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy, albatta. 
Shu bois olimlarning xulosalari asosida bu haqda qisqacha hikoya qilmoqchimiz. Registon maydonidagi Ulug‘bek, Sherdor madrasalari, Tillakori masjid-madrasasi Samarqand me’morchilik san’atining nodir namunalaridandir. Registon maydoni esa O'zbekistonning ramzi hisoblanadi. 
Samarqand hokimi Yalangto‘sh Bahodir tashabbusi bilan Sherdor madrasasi 1619-1636 yillarda, Tillakori masjid-madrasasi 1646-1660 yillarda barpo etilgan. Ulug‘bek madrasasi esa 1417-1420 yillarda Mirzo Ulug‘bek tashabbusi bilan qurilgan va o‘z davrining mashhur oliy o‘quv yurti bo‘lgan. Sherdor madrasasi peshtoqida qizg‘ish-zarhal tusdagi sher nozik ohuni quvib ketayotgan holati tasvirlangan. Bu bino me’mori Usta mulla Abdujabborov ushbu tasvir orqali nima demoqchi bo‘lgan? 

 


Taniqli olim, akademik Po‘lat Zohidov o‘zining «Me’mor olami» kitobida Sherdor madrasasi bezagi haqida quyidagi fikrlarni bildiradi: Samarqandlik olim Abu Tohirxo‘ja XIX asrning 30-yillarida yozgan «Samariya» kitobida madrasa peshtoqidagi tasvir mazmunini musulmon astrologiyasida keng tarqalgan osmondagi yulduz burjlari bilan bog‘lab ta’riflaydi. Ya’ni Quyosh shakli Sher burji (yulduzlar turkumi) bilan qo‘shilib ketgan. Ohuni tutmoqchi bo‘lgan sher hamlasini quyosh nurlarining tig‘i qaytarmoqda. Go‘yo nur-ziyo ofatni daf etmoqda. Bu kompozitsiya astrologiya fani asosida yaratilgan. Mutaxassislar fikricha, Yalangto‘sh Bahodir erkak sher ramzida aks ettirilgan. Sher tanasi Yalangto‘sh Bahodirning muchalini bildiradi, yo‘lbars kallasi esa burjini bildiradi. Demak Yalangto‘shning tug‘ilgan yili 1576 yoki 1578, tug‘ilgan kuni 15-avgust bo‘lib chiqadi. Quyosh ichida tasvirlangan odam qiyofasi yanog‘idagi ikkita xol ma’nosi quyidagicha: inson qachon komil bo‘la oladi, qachonki tili bilan dili bir bo‘lsa.
Shuni ham aytish kerakki, xol aslida komillik belgisidir. 

Ayrim olimlar fikricha, Yalangto‘sh Bahodir ilohiy quyosh va sher, ohu va komillik ramzlarini madrasa peshtoqiga muhrlatib, o‘z hokimiyatining qudrati, Samarqandning ulug‘vorlik va go‘zallik siymosini aks ettirgan. 

Madrasa peshtoqidagi har bir tasvir o‘z ma’nosiga ega. Bu kompozitsiyaning qisqacha falsafasi quyidagicha: ziyoli insonlar ruhiy poklikka, ruhiy poklik orqali komillikka erishadi.