Ishtirokchilar festival haqida


Ishtirokchilar festival haqida

Daza Daza, Nigeriya:

-  Men dunyoning ko'plab mamlakatlarida bo'lgan festivallarda qatnashganman. Bemolal aytishim mumkinki, bu kabi festival boshqa joyda yo'q. Istardimki, "Sharq taronalari"ning nufuzini jahonda  yanada ko'tarish kerak. Ochilish marosimi kutilganidan ham ajoyib tarzda bo'lib o'tdi. Prezidentingiz  ham, xalqingiz ham haqiqiy san'atkor, san'avtsevar odamlar ekan. Men "Sharq taronalari"da 2005  yilda ham ishtirok etgandim. Unda ochilish marosimi kechagidek bo'lmagandi. Festival yakunlangach Germaniyaga boraman va albatta "Sharq taronalari" festivali haqida maqola yozaman.


Sandikta Sharma, Hindiston:

-  Ikki yildan beri Toshkentdagi "hind madaniyat markazi"da hind raqsidan dars berib kelyapman.  Festivalda milliy raqsimizni namoyish etib bermoqchiman. Ochilish marosimi menda juda katta  taassurot qoldirdi. Bu kunni hech qachon unutmayman. Minglab odamlar ijrosidagi raqs va ularning  liboslari meni hayratga soldi. O'zbekistonliklar juda ham mehmondo'st, millatsevar odamlardir.  Mendan hind raqs sirlarini o'rganayotgan yoshlar juda ham qobiliyatli. Ular o'z raqslarini o'rganish  bilan cheklanmay bizning raqsimizni ham o'rganishyapti. Men xalqingizning san'atga bo'lgan  munosabatidan har doim hayratlanib kelganman.


Vladimir Polomar, Estoniya:

-  Menga do'stlarim "Sharq taronalari" festivali haqida gapirib berishgandi va albatta borishni tavsiya etishgandi. Ba'zi bir sabablarga ko'ra oldin kela olmagandim. Mana, bu yil nasib etgan ekan,  keldim. Kecha festivalning ochilish marosimi bo'ldi. Bunaqasini faqat ertaklarda eshitganman,  ishoning! Bu kabi tadbirni boshqa hech joyda takrorlab bo'lmaydi! Sahnaga chiqqan odamlar ijrosidagi raqslar, ularning liboslari go'zal ko'rinish kasb etdi. Yana bir e'tiborimni tortgan jihati, tomoshabin sifatida tashrif buyurgan insonlar ham raqsga tushishdi. Betakror va unutilmas lahzalar bo'ldi.

O'zbekistonga ilk bor kelishim. Ilgari kinolarda ko'rganim va kitoblarda o'qiganim natijasida yurtingiz haqida o'zimning fikrlarim bor edi. Kelgach tushundimki, O'zbekiston haqida hech narsa bilmas ekanman. Bu kabi mehmondo'st, doimo jilmayib turadigan insonlarni oldin ko'rmaganman. Bu yil festivalda Estoniyadan vakil qatnashmayapti. Va'da berib aytamanki, kelgusi tanlovda bizning davlatimizdan katta guruh qatnashadi. Ushbu ertaknamo festival, ertaknamo mamlakat umrbod qalbimda qoladi.


Ya Cha Lay, Xitoy:

- Bu mening O'zbekistonga ilk bor kelishim. Vataningiz o'zining musaffo havosi bilan ajralib turar  ekan. Festivalning ochilish marosimi kutganimizdan ham a'lo tarzda bo'ldi. hammasi ajoyib tarzda  tashkillashtirilgan. Bunday san'atsevar insonlarni oldin ko'rmaganman. Mehmondo'stlikka ham gap  bo'lishi mumkin emas. hammasi uchun o'zbekistonliklarga minnatdorchilik bildirmoqchiman.


Chulpan Japparova, Qirg`iziston:

- "Ordo sahna" guruhining badiiy rahbari sifatida "Sharq taronalari" festivaliga keldim. Men festivalni televizor orqali muntazam kuzatib kelman. Bizda O'zbekiston telekanallarini namoyish etishadi. Ochilish marosimi har doimgidek yuksak saviyada bo'lib o'tdi. O'zbek xalqi yana bir bor o'zining  ajoyib kuy-qo'shiqlariyu takrorlanmas raqslari bilan hamma hayratda qoldira oldi.  Bizning guruhimiz festivalda ilk bor ishtirok etyapti. Lekin har safar Qirg'izistondan vakillar

qatnashib kelishgan. Guruhimiz tashkil etilganiga 12 yil bo'ldi va yurtimizda o'zimizning kattagina  muxlislar auditoriyamiz bor. Festivalning konkurs qismida ishtirokchilarga 15 daqiqa vaqt  ajratilgan. Shu vaqt mobaynida o'z madaniyatining eng diqqatga sazovor qismlarini ko'rsata olishi  kerak. Bizning tayyorlagan dasturimiz juda ham ajoyib va o'ylaymanki u o'zbekistonlik tomoshabinlarga va hakamlar hay'atiga ma'qul keladi. Asosiy maqsadimiz oliy o'rin - Gran Prini qo'lga kiritish.


Pol Yuden, Buyuk Britaniya:

- Samolyotdan tushgan zahotim O'zbekiston nisbatan issiq ekanligini sezdim. Menga issiq havo juda  yoqdi. O'zbek xalqining mehmondo'stligia umuman gap bo'lishi mumkin emas. Tarixiy obidalaringizning  go'zalligini ko'rgan har qanday kishini o'zbek me'morchiligiga tan beradi. Ochilish marosimi bir so'z  bilan ta'riflash qiyin. Oldinlari bu kabi ajoyib marosimning guvohiga aylanmagandim.  Tomoshabinlarning ham raqsga tushganini ko'rib o'zbekistonliklar chindan ham san'atni sevishlariga  iqror bo'ldim. hammasi juda ham ajoyib tarzda kechdi.   


Janni Princhipe, Italiya:

- O'zbekiston va uning qadimiy shaharlari bo'lmish Samarqand hamda Buxoro haqida va albatta "Sharq  taronalari" haqida oldin ko'p eshitganman. Xalqingiz juda ham mehmondo'st ekanligini ko'p bora  so'zlab berishgan. Festivalda ishtirok etishimiz oson bo'lmadi. Italiyada kuchli tarzda tashkil etilgan  saralash bosqichidan o'tdik va ko'plab guruhlar ichidi bizni qolib deb topib O'zbekistonga borish uchun  yo'llanma berishdi. "Sharq taronalari"dek nufuzli festivalida ishtirok etayotganimdan baxtiyorman.  Ochilish marosimi menda juda katta taassurot qoldirdi. Ajoyib raqslar, qo'shiqlar, nafaqat  sahnadagi, balki tomoshabin sifatida kelgan oddiy xalq vakillarining raqslari... Bularning hammasi  fantastika


Chigdem Gyurdal, Turkiya:

- Samarqandga ilk bor tashrif buyurishim. Bungacha kitoblar va  internet orqali shahar haqida  ma'lumotlar to'plagandim. Bu yerga kelgach Samarqand ta'rif etilganidan ham go'zal, zamonaviy shahar, betakror tarixiy maskan ekanligiga amin bo'ldim. "Sharq taronalari" festivalining ochilish tantanalari menda unutilmas taassurot qoldirdi. Qadimiy va takrorlanmas Registon maydoni, ajoyib sahna ko'rinishlari, an'anaviy o'zbek xalq kuy-qo'shiqlari, raqslari, milliy liboslari... Bir so'z bilan aytganda ta'rifga til ojiz.   Ayniqsa, O'zbekiston Prezidentining ochilish marosimi so'nggida har bitta san'atkor bilan ko'rishib, ularga o'z tashakkurini izhor qilishi, qo'llab-quvvatlashi nafaqat meni, balki boshqa ishtirokchilarni ham to'lqinlantirib yubordi.  Zero, hali hech bir mamlakatda san'atga, san'atkorlarga bo'lgan bu qadar yuksak e'tiborni ko'rmaganman. Bizning asosiy maqsadimiz butun  dunyoga turk musiqasi, turk san'atining eng go'zal namunalarini namoyon etish.  "Sharq taronalari" esa buning uchun juda katta imkoniyat.


Edgar Martirosyan, Armaniston:

- Bu yil sakkizinchi marotaba o'tkazilayotgan "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivalining ochilish marosimi xotiramdan hech qachon o'chmasa kerak. Hammasi a'lo darajada tashkil etilgan. Juda chiroyli bezatilgan tungi Registon maydoni, milliy navolar jarangi va albatta, O'zbekiston Prezidentining biz san'atkorlarga yo'llagan tabrigi, ezgu tilaklari barchamizga olam-olam quvonch ulashdi. Mazkur festivalda bevosita ishtirok etayotganimdan qalbim cheksiz faxr-iftixorga to'ldi. Biz bu yerga faqatgina biror bir sovrinni qo'lga kiritish uchun  emas, balki  odamlarni milliy musiqiy madaniyatimiz bilan yaqindan tanishtirish uchun ham kelganmiz.  


"Dunhuang New Words" guruhi, Xitoy:

- Ayni damda quvonchimiz cheksiz. Buning sabablari, eng avvalo doim ko'rishni orzu qilganimiz qadimiy Samarqand shahrida, xususan butun dunyoga mashhur Registon maydonidamiz. Bundan tashqari, kecha shahardagi boshqa tarixiy obidalarni ham ziyorat qilib, olam-olam taassurotlar olgandik. Ochilish marosimidagi tantanalar, bu yerdagi o'zgacha shukuhli onlar bizga ajib  zavqu shavq baxsh etmoqda. O'zbekistonlik taniqli xonandalar ijrosidagi bir-biridan sho'x, go'zal taronalarga miriqib raqsga tushayapmiz. Keyinchalik bu kunni hayotimizdagi eng yorqin damlar sifatida xotirlab yursak kerak.


Ali Asgar Khokon, Bangladesh:

- Registon maydonini ko'rib o'zimni go'yo ertaklardagi sehrli olamga tushib qolganday his etdim. Bu bejiz emas, albatta. Zero, sharqona bezaklar bilan yanada chiroy ochgan ajoyib sahna, dillarga surur beradigan o'zbekona navolar, raqqos va raqqosalarning betakror chiqishi har qanday kishini o'ziga maftun etadi, sehrlab qo'yadi.  Shu o'rinda mana shunday nufuzli festivalni tashkil qilgan yurtingizga, Yurtboshingizga minnatdorchilik bildirmoqchiman.

Guruhimizning har bir a'zosi 200 dan ortiq milliy va zamonaviy musiqa asboblarining mohir ijrochisi.  Kuylarimizda ham bu uyg'unlikni ta'minlashga intilamiz. Umid qilamizki, bu festivalda yuqori o'rinlardan birini egallaymiz.


Solomon Gogashvili, Gruziya:

- Ochig'i, festivalning ochilish marosimi bu qadar yuksak saviyada tashkil etilishini kutmagandim. Fantastikaning o'zginasi. O'zbekiston Prezidenti tomonidan san'at, jumladan musiqa san'ati haqida bildirilgan fikrlar, ishtirokchilarga yo'llangan samimiy tabrik so'zlardan angladimki, yurtingizda musiqa san'atini rivojlantirishga Davlat rahbarining shaxsan o'zi bosh-qosh bo'lmoqda. Bu kabi ezgu sa'y-harakatlarni, yuksak e'tibor va g'amxo'rlikni boshqa mamlakatlarda uchratishingiz amri mahol. Shuni alohida ta'kidlashni istardimki, "Sharq taronalari" nafaqat milliy, balki umumjahon madaniyati va san'atini asrab-avaylash hamda ularning   taraqqiyoti yo'lida juda katta xizmat qilmoqda. Bu esa hozirgi globallashuv va axborot asrida muhim ahamiyatga ega.


Ruslan Jumabayev, Qirg'iziston:

- Avvalambor butun dunyoda nufuzi oshib borayotgan "Sharq taronalari" festivali tashabbuskori bo'lgan Prezidentingizga, shuningdek mana shunday ajoyib  tantanali ochilish marosimini  tashkil etganlarga guruhimiz nomidan rahmat aytmoqchiman. Ayniqsa,  o'zbek xalqining qadriyat va an'analar bilan sug'orilgan asriy ohanglari barchani birdek hayratga soldi. Ertadan boshlab dunyoning 50 dan ziyod mamlakatlaridan kelgan xonandayu sozandalar ham buyuk Registon maydonida o'z san'atlarini ko'z-ko'z etadi. Shu jumladan bizning "Ordo  sakhna" guruhimiz ham festivalga jiddiy maqsadlar bilan tashrif buyurgan. Istagimiz  oliy o'rin - Gran Prini qo'lga kiritish. Aytishadiku general bo'lishni orzu qilmagan askar, askar emas.


Eli Grunfeld, Isroil:

-  To'rt yil avval "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivalida hakamlar hay'ati a'zosi sifatida  ishtirok etganman. Bu yil ham mana shunday baxt nasib etganidan juda baxtiyorman. Zero, bugun ushbu  musiqa festivali jahondagi eng yetuk musiqa ustalari, soha darg'alari  orasida katta e'tibor qozondi.  Bu yil sakkizinchi marotaba o'tkazilayotgan ushbu festivalga tashrif buyurgan san'atkorlarning barchasi o'z mamlakatlari san'atining eng  yuksak namunalarini ko'rsatishga intilishi tabiiy.  Ularning yuz-ko'zida balqib turgan  hayajon va ulkan mas'uliyat hissi ham  bu galgi  festival yanada qiziqarli hamda yuqori saviyada o'tishidan darak bermoqda.


Lo Ki Xong, hakamlar hay'ati a'zosi, Singapur:

-  Ilgari, Samarqand va undagi qadimiy obidalar haqida ko'p eshitgandim. Shundan bo'lsa kerak bu yerga  kelishni orzu qilardim. "Sharq taronalari" festivali tufayli bu orzuim ushaldi. Ochig'i, shahar meni lol qoldirdi. Men eshitganimdan, o'ylaganimdan ham ko'ra go'zal, ozoda va zamonaviy ekan. Hozircha, uni to'liq tomosha qilolmagan bo'lsam ham olam-olam taassurotlarga ega bo'ldim. Ayniqsa Go'ri Amir maqbarasining betakror me'moriy yechimi, undagi ajoyib naqshlar har qanday kishini hayratga soladi. Amir Temur ko'hna Samarqandni butun dunyoga tanitgan, dunyo tarixida yorqin iz qoldirgan nodir shaxs. Uning ulug'vor siymosi aks etgan  haykalni ziyorat qilar ekanman, mana shunday buyuk ajdodlari bo'lgan o'zbek xalqiga havas qilyapman.


Tanya Tatlerka, "AHOI-cultur" xalqaro madaniyat tashkiloti a'zosi, Braziliya:

- Ushbu festivalga butun dunyodan taniqli san'atkorlar, musiqiy guruhlar tashrif buyuradi. Bu galgi musiqa kunlarida bizning tashkilotimiz Mo'g'uliston, Nigeriya, Kuba va Senegal davlatlaridan kelgan san'atkorlarga rahbarlik qilmoqda. Kecha Samarqandning bir qator diqqatga sazovor joylari, tarixiy yodgorliklarini borib ko'rdik. Bilasizmi, o'zimizni xuddi mo''jizalar olamiga tushib qolganday his etdik. Mahobatli minoralar, naqshinkor gumbazlar, sharqona urf-odatlar, barcha-barchasi xuddi ertakdagidek. Ayniqsa, qalbimda samimiy,  mehmondo'st xalqingizga nisbatan  o'zgacha mehr uyg'ondi.


Xorxe Espinal, YUNESKO vakili:

- Aytish kerakki, mamlakatingiz o'tgan yigirma yil mobaynida jahon hamjamiyatida o'zining munosib o'rniga ega bo'ldi.  O'zbekiston yuksak darajada taraqqiy etayotgan davlatlar safiga qo'shildi. O'z navbatida "Sharq taronalari"  festivalining nufuzi ham yildan yilga oshib bormoqda. Chunonchi, dastlabki yillarda festival   asosan Osiyo qit'asi vakillari ishtirokida o'tkazilardi. Bugun esa jahonning turli burchaklaridan ishtirokchilar tashrif buyurmoqda, ko'plab  san'atkorlar unda  qatnashish istagini bildirmoqda. Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, "Sharq taronalari" qisqa davr orasida rang-barang madaniyatlar, asriy an'analarni  o'zaro tutashtiruvchi, ezgulik va taraqqiyotga yo'g'rilgan  dunyodagi eng yirik musiqa festivaliga aylandi.

 



Solomon GOGASHVILI, Gruziya:

 - Aeroportdan chiqqanimizga yigirma daqiqa bo'ldi. Lekin o'tgan shu qisqa vaqt davomida O'zbekistonni, uning mehmondo'st xalqini yoqtirib qoldim. Poytaxtingiz Toshkent shahri juda ham chiroyli ekan. «Sharq taronalari» festi­va­liga bizni taklif etishgach, internet orqali u haqda ma'lumot to'pladik. Oldin­gi tanlovdagi suratlarni tomosha qildik. Ularni ko'rib lol bo'­lib qoldik. Juda ham ajoyib festival ekan. Butun guruhimiz bilan tezroq Samarqandga borishni, u yerdagi tarixiy obidalarni ko'rishni va albatta san'at ixlosmandla­riga o'z chiqishimizni namoyish etishni istayapmiz. Biz gruzin folklor musiqalari asosida dastur tayyorladik. O'ylaymizki, bizning chiqishlarimiz tomoshabinlarga yoqadi.


Gunars IGAUNIS, Latviya:

 - Men O'zbekistonga to'rt kishidan iborat oila a'zolarim bilan keldim. Bizning oilaviy guruhimizning nomi «Igaunu gimene» («Igaunislar oilasi»). Bu yerga ilk bor kelishim. Toshkent bizga juda ham yoqdi. Go'zal, toza va eng asosiysi, yashil shahar ekan. Guruhimiz asosan milliy qo'shiqlarni ijro etadi. Men o'zim zarbli musiqa asboblarini yasayman. «Sharq taronalari» festivali oldidan baraban yasa­dim. O'z oldimizga biz tanlovda munosib ishtirok etish­ni maqsad qilib qo'yganmiz.

 

 

 


Raymundas MIKOLAYTIS, Litva:

 - Hozirgina samolyotdan tushdik. Shu sababli ham poytaxtingiz haqida to'liq tasavvurga ega bo'lishga ulgurmadim. Ilgari o'zbek xalqining mehmondo'st­li­gi haqida eshitgandim. Bu safar o'zim guvoh bo'ldim. Bizni juda ham iliq qarshi olishdi. Buning uchun festival tashkilotchilariga rahmat aytmoqchimiz.

Qiziq tarafi, samolyotga chiqayotganimizda Rigada havo harorati 12 daraja edi, Toshkentda esa 35 daraja ekan. Ha­voning issiqligi ham bizga yoq­yapti. Hammasi ajoyib. Festivalda biz o'zimizning folklor musiqalarimizni namo­yish etamiz. Bu shunchaki folk­lor emas, modern folklor. Biz­ning chiqishlarimiz muxlislarga ma'­qul kelishidan umidvormiz. Afsonaviy Samarqandga tezroq yetib borishni istayman.